×

Konrad Adenauer Jamg‘armasining ta’lim grantlari haqida


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

1832 marta

CHOP ETILGAN

05.07.2016

Ushbu jamg‘arma Germaniyaning CDU (Christlich Demokratische Union-xristian demokratlar Ittifoqi)ga tegishli bo‘lib, 1970-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligining mablag‘lari bilan xorijlik talabalarning Germaniyadagi magistratura, doktorantura yo‘nalishidagi taʼlim jarayonini moliyaviy taʼminlab kelmoqda. Shu vaqtgacha 2.300dan ortiq xorijlik olimlar, akademiklar, ilm sohasida taʼlim olishni xohlagan talabalar jamg‘armaning moliyaviy ko‘magidan foydalanishgan va hozirda alumni-Netzwerkning aʼzosi sanalishadi. Talabaning yoshi ariza topshirayotgan vaqtda 30 dan oshmagan bo‘lishi kerak. Ariza topshiruvchilarga qo‘yiladigan talab – nemis tilini o‘z fikrini erkin ifoda eta oladigan darajada bilishi (B2), o‘z sohasida isteʼdodli bo‘lish hamda jamiyatda bir qancha tadbirlarda faol qatnashib kelgan bo‘lishi lozim. Shartlaridan yana biri – talaba Germaniyadagi taʼlim yakunidan so‘ng talaba o‘z mamlakatiga qaytishi kerak. Talaba olgan bilim va tajribalari orqali o‘z mamlakati va Germaniya aloqalarini rivojlantirishga hissa qo‘shishi ko‘zda tutiladi.

Jamg‘arma talabadan o‘z tadbirlarida faol ishtirok etishlarini kutadi. Jumladan, talaba o‘z moliyaviy yordam olish davrida (masalan magistrlar uchun 2 yil, doktorlar uchun 3 yil) jamg‘arma tomonidan har yili taklif qilinadigan bir qator seminarlaridan kamida 4tasiga qatnashishi lozim bo‘ladi. Seminarlarning ko‘pchiligi Germaniyaning o‘zida, ayrimlari esa Amerika, Marokash, Finlandiya, Ukraina kabi yana boshqa davlatlarda o‘tkazilishi mumkin. Bundan tashqari, talaba tahsil olayotgan hududlarning o‘zida ham jamg‘armadan moliyaviy ko‘mak oluvchi talabalar jamiyati mavjud bo‘lib, ular tomonidan tashkil etiladigan uchrashuvlarga qatnashib turish ko‘zda tutiladi. Bunda talabalar bir-birlarini ham ilmiy, ham shaxsiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashadi. Moliyaviy ko‘mak magistratura davrida berilgan bo‘lsa-yu, talaba doktorantura uchun ham ko‘mak olmoqchi bo‘lsa, jamg‘armaga yana yangidan ariza topshirishi kerak bo‘ladi. Stipendiya uchun ariza topshirayotgan vaqtingizda Germaniyadagi biror universitetda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishingiz (Immatrikulatsiya), biror yo‘nalishga hujjat topshirishga tayyorlanayotgan bo‘lishingiz yoki hech bo‘lmaganda birinchi semesrda tahsil olayotgan bo‘lishingiz kerak. Stipendiyaning ikkala bosqichidan ham muvaffaqiyatli o‘tgan taqdiringizda sizga moliyaviy ko‘mak beriladi.

Saralash talablari – talabaning baholari o‘rtadan yuqori bo‘lishi; – dunyodagi bo‘layotgan voqealar, siyosat, talabaning o‘z taʼlim sohasi haqida ham keng qamrovli bilimga ega bo‘lishi; – demokratiya va umumiy davlat tuzilishi borasida ham tushunchaga ega bo‘lish; – universitet, jamiyat va boshqa insonlar uchun ko‘ngillilik ishlarida va tadbirlarida faol bo‘lishi; – boshqalarning fikrlarini va qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish; – jamg‘armadan nima uchun moliyaviy ko‘mak olishni xohlashi haqida kuchli asosga ega bo‘lishi hamda o‘qish rejalari bilan tanlov hayʼatini lol qoldira olishi kerak. (Asoslaringiz jamg‘armaning qiziqish va maqsadlariga mos tushishiga eʼtibor qiling!)

Rasmiy talablar: – o‘qish kamida 2 yil davom etishi kerak. Bakalavr dasturlari uchun moliyaviy ko‘mak faqatgina talabaning o‘qishni tugatishiga yana 4 semestr (2 yil) qolgan holatdagina beriladi. Undan kam bo‘lmasligi kerak; – tibbiyot yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lgan talabalar avvalambor tibbiy imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lishlari, yoki xorijda shunga o‘xshash darajani yakunlagan bo‘lishlari zarur. Inson tibbiyoti va tish tibbiyoti yo‘nalishlari uchun postdoktorlikda moliyaviy ko‘mak berilmaydi; – allaqachon biror sohada doktorlik darajasiga ega bo‘lganlarga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilmaydi; – ariza topshirish jarayonida 30 yoshga to‘lmagan bo‘lishingiz zarur; – jamg‘armaning taqdim qiladigan seminarlari va tadbirlari nemis tilida bo‘lganligi uchun ham nomzod nemis tilida o‘z fikrini erkin bayon qila olishini namoyish eta olishlari zarur. O‘qimoqchi bo‘lgan yo‘nalishingiz ingliz tilida bo‘lsa ham, o‘qish boshlanishigacha nemis tilini B2 darajada bilishingizni tasdiqlochi hujjatni jamg‘armaga taqdim qilishingiz kerak bo‘ladi. Odatda ko‘pchilik stipendiya oluvchi talabalar o‘qish boshlanishigacha DSH (nemis tilini bilishini tasdiqlovchi test) imtihonlarini muvaffiqiyatli topshirgan bo‘lishadi yoki Test-DAF (nemis tilini bilishini tasdiqlovchi test) ning yuqori darajalariga erishgan bo‘lishadi. Nemis tilini yaxshilash jamg‘arma tomonidan ham Gyote Institutlarida uzoq muddatli intensiv kurslar orqali amalga oshiriladi.

Ariza topshirish Arizalar har yili 15-iyul(qishki semestrda boshlanadigan o‘quv dasturlari uchun)gacha hamda 15-yanvar(yozgi semestrda boshlanadigan o‘quv dasturlari uchun)gacha onlayn tarzda quyidagi portalda qabul qilinadi: https://campus.kas.de. Talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati quyida keltirilgan:http://www.kas.de/wf/de/71.14303/. Jamg‘arma faqatgina to‘liq arizalarnigina qabul qiladi. Shuningdek, so‘nggi muhlatdan kechikkan arizalar ham qabul qilinmaydi. Portalda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kutilmagan texnik nosozliklarni hisobga olgan holda barcha hujjatarni kamida bir hafta oldin tayyorlab, yuklashni maslahat berarim. Kimni qabul qilish yoki qilmaslikni ham jamg‘arma hayʼati hal qiladi va natijalarni izohlamaslik huquqini jamg‘arma o‘zida saqlab qoladi.

Saralash jarayoni Birinchi bosqich. Sarlash avvalambor qabul qilingan arizalarga ko‘ra amalga oshiriladi. Ayrim hollarda talablarga to‘liq javob bermagan nomzodning arizasi rad qilinishi mumkin, lekin keyingi gal topshiradigan arizasida ushbu jihatlarni yaxshilagan holda ariza topshirish ko‘zda tutiladi. Ikkinchi bosqich. Bu bosqich suhbat jarayoni bo‘lib, 30-45 daqiqa davomida tanlov hayʼati a‘zolari ariza topshiruvchi bilan shaxsan tanishishadi. Shaxsiy va ilmiy yutuqlariga qo‘shimcha ravishda oldinda turgan magistratura yoki doktorlikdagi olqish rejalari haqida savollar berishadi hamda eʼtiqod va qadriyatlariga ham qiziqish bildirishadi. Tanlov hayʼati asosan jamg‘armaning xorijliklar bilan ishlash bo‘limining bir nafar aʼzosi hamda ariza topshiruvchining taʼlim sohasi bo‘yicha bilimga ega bo‘lgan ikki shaxsdan iborat bo‘ladi. Agar suhbat xorijiy davlatlarning birortasida o‘tkazilayotgan bo‘lsa, o‘sha davlatdagi jamg‘arma ofisining boshlig‘i ham suhbat jarayoni aʼzosi sifatida qatnashadi. O‘qish davomida talaba o‘zi tahsil olayotgan hududdagi Konrad Adenauer Jamg‘armasidan stipendiya oluvchi boshqa talabalar bilan uyushtiriladigan tadrbilar va uchrashuvlarda qatnashganligini hamda o‘qishdagi yutuqlarini tasvirlab yillik hisobot ko‘rinishida jamg‘armaga jo‘natishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, talaba hisobotda taʼlimdagi yutuqlari va ijtimoiy tadbirlardagi faolligini ham kiritishi kerak.

Stipendiya to‘lovi Konrad Adenauer Jamg‘armasi talabaning ilmiy darajasi (magistratura, doktorlik)ga qarab, stipendiya miqdorini belgilaydi. Magistraturada o‘qiyotgan talabalari oyiga 750 Yevro, doktorantura talabalari esa 920 Yevro moliyaviy ko‘mak olishadi. Bundan tashqari, talabaning safar arajatlari, tibbiy sug‘urtasi, oilalilarga qo‘shimcha ko‘mak, kitob haqqi uchun ham yana qo‘shimcha to‘lovlar ham to‘lab beriladi. Talaba jamg‘armadan stipendiya olib turib, yana boshqa stipendiya beruvchi jamg‘arma yoki tashkilotlarga ariza topshirishi mumkin emas. Har qanday xorijiy qo‘llab-quvvatlash yoki qo‘shimcha daromad stipendiyadan sizni mahrum qilishga olib borishi mumkin. KAS tomonidan moliyaviy yordam bilan taʼminlanuvchi talabalar oyiga 450 Yevrodan oshuvchi qo‘shimcha daromadni jamg‘arma bilan maslahatlashgan holda, yozma ruxsat asosida amalga oshirishlari mumkin.

Qo‘shimcha maʼlumot: http://www.kas.de/wf/en/42.37/ (ingliz tilida) http://www.kas.de/wf/de/42.37/(nemis tilida)

Konrad Adenauer Jamg‘armasining O‘rta Osiyodagi bo‘limi: http://www.kas.de/zentralasien/(nemis tilida)

Omad yor bo‘lsin!

Muallif: Nilufar Oripova

Manba: SHU YERDA

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!